Abu Rayhon Beruniy
1809

Tarjimai hol

Xorazm Ma’mun akademiyasining yirik vakili, xorazmlik qomusiy olim Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy astronomiya, matematika, ma’danshunoslik, geografiya, tarix, dorishunoslik va boshqa fanlarga oid 150 ga yaqin asarlar yozgan, shulardan bizgacha 31 tasi yetib kelgan. Ularning orasida allomaning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” (Xronologiya) – eng taniqli asarlaridan biridir. Qadimgi va o‘rta asrlar davlatlari va xalqlari vaqt hisobi tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ularning diniy va milliy urf-odatlari, bayramlari haqida ma’lumot berilgan. Al-Beruniy qadimgi Hindistonning tili – sanskritni o’rgangani uchun, u ushbu mamlakatning qadimgi madaniyatini tushungan, uni boshqa madaniy an’analar bilan qiyoslagan va xolis xulosalar chiqargan, ilmiy matnlarini sanskritdan arabchaga va arabchadan sanskritga tarjima qilgan, Hindistonning ilmiy yutuqlari bilan tanishgan. Yevropa Al-Beruniy lotin tiliga tarjima qilingan asarlari tufayli o’zi uchun Sharq ilm-fanlari va boy madaniyatini kashf etdi. Shunday qilib, Beruniy sharqshunoslik, indologiya, qiyosiy dinshunoslikning shakllanishiga katta hissa qo'shdi. Hindiston qomusi bo‘lmish “Hindiston” asarida olim hindistonliklarning urf-odatlari, diniy e’tiqodlari, bayramlari va ilm-fani haqida ma’lumot beradi.
“Al-Qonun al-Mas’udiy” (“Mas’ud qonuni”) – sulton Mas’ud G‘aznaviyga bag‘ishlangan astronomiya bo‘yicha kitob bo‘lib, o‘rta asrlar astronomiyasi va matematikasi qomusi sanaladi. Unda astronomiya, matematika, trigonometriya, geografiya, xronologiya, shuningdek astrolabiya va boshqa o'lchov asboblari bo'yicha 500 dan ortiq savol va javoblari bor. Ushbu asarda Beruniy birinchi bo'lib keltirilgan barcha xulosalarning batafsil eksperimental va matematik isbotlarini taqdim etish qoidasini kiritdi. Undan oldin an'anaviy arab astronomik jadvallarida bunday bo'lmagan.
Beruniyning sferik trigonometriya sohasidagi chuqur bilimlari mashhur "Geodeziya" risolasida o’z aksini topgan. Unda shaharlar orasidagi masofani topish qoidasi keltirilgan, original mantiqiy usul bilan Afrika qit’asi janubdan okean suvlari bilan yuvilib turishi isbotlangan. “Mineralogiya” asarida Beruniy birinchi bo‘lib o‘zi yaratgan asbob yordamida qattiq jism va suyuqliklarning solishtirma og‘irligini o‘lchadi va shu asosda minerallar tasnifini taklif etdi. O‘sha davr kimyosida turg‘un o‘rnashib qolgan utopik g‘oya - oddiy metallarning qimmatbaho metallarga aylanishi nazariyasini tanqid qildi. “Kitob as-saydana fi-t-tibb” (“Tabobatda dorishunoslik”) kitobda o‘simliklar, hayvonlar va minerallardan olinadigan 1048 ta dori va ularning turli tillardagi nomlari keltirilgan.
Beruniyning ko’p qirrali faoliyati va boy ilmiy merosi shuni ko'rsatadiki, u jahondagi eng buyuk olimlar qatorida muhim o'rinni egallaydi. Beruniyning ismi Oydagi krater nomida abadiylashtirildi. 1986 yilda Quyosh tizimida kashf etilgan va Garvard markazida 9936-raqam bilan ro‘yxatga olingan kichik planetalarning biriga ham Beruniyning nomi berilgan.

Filmlar

Аль-Бируни. «Мудрость веков»

Audioplayer

Abu Rayhon Beruniy hayoti haqida

  • «
  • 1
  • »

Fotogalareya