Jonajon Vatanimizning xalqaro obro‘si (imidji) tobora ortib bormoqda. Diniy-ma’rifiy, jumladan buyuk ajdodlar merosini o‘rganish bo‘yicha Davlat Rahbari tomonidan ilgari surilayotgan va amalga oshirilayotgan tashabbuslar xorij mamlakatlar yetakchilari, siyosat va ilmiy arboblari tomonidan har tomonlama qo‘llab quvvatlanmoqda. Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Turkiya Respublikasida joylashgan Islom tarixi va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRSIKA) bilan hamkorlikda, shuningdek Turkiyadagi Elchixonamiz va Bosh konsulxonamiz ishtirokida bugun Istanbul shahrining eng ko‘rkam Lolazor xiyobonida joylashgan IRSIKA bosh qarorgohida "O‘zbekiston - Islom sivilizatsiyasi markazi va Yangi O‘zbekiston" mavzularida foto ko‘rgazma ochildi. Unda shonli tariximiz va buyuk kelajagimiz mavzusida asosan hali e’lon qilinmagan fotosuratlar, arxiv materiallari hamda taqdimotlar orqali do‘st va qardosh Turkiya xalqi jamoatchiligiga mustaqil O‘zbekiston, uning tarixi va bugungi kuni to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rin egallagan.
Fotoko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimida IRSIKA bosh direktori Professor Erol Qilich so‘zga chiqib tadbir ahamiyati va xaqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar to‘g‘risidagi iliq fikrlarini bildirib o‘tdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsuli Amirsaid Saidazizovich A’zamxo‘jayev bu kabi madaniy tadbirlar umumiy merosimiz va xalqlarimiz tomonidan tarixda erishilgan yutuqlarimizni dunyo hamjamiyatiga yaqindan tanishtirish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam ekanligini ta’kidladi.
Uch kun davom etadigan ko‘rgazmada mamlakatimizning islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan, buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduni, diniy va dunyoviy ilmlar rivojiga qo‘shgan hissasini yoritib beruvchi, shuningdek Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi ko‘hna shaharlarimizda bunyod etilgan islom me’morchiligining nodir durdonalarini o‘z ichiga olgan fotosuratlar namoyish etiladi.
Fotoko‘rgazma 6–7 iyun kunlari Turk tarixi va madaniyati fondi hamda Turkiya Respublikasi YevroOsiyo kutubxonalari uyushmasi bilan hamkorlikda Anqara shahrida davom etadi.