Yangiliklar

Xabar
17-Iyun, 2022-yil

 

 

16 iyun kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Muftiy Boboxonovlar sulolasi shaxsiy fondida saqlanayotgan yozma va bosma asarlar, tarixiy hujjat va fotosuratlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi fondiga qabul qilib olishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Markaz direktori Shoazim Minovarov hamda Boboxonovlar sulolasi vakillari ishtirok etishdi.
Markaz direktori Shoazim Minovarov ma’rifiy tadbirni ochib berib, oxirgi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etilayotgani ana shu ishlarning yorqin ko‘rinishi ekani, Markazdagi muzeyning har bir tarkibiy qismini alohida muassasa deyish mumkinligi, unda Muftiy Boboxonovlar sulolasi hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan alohida qism bo‘lishi hamda taqdim etilgan noyob tuhfalar ushbu joydan o‘rin olishi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, tadbirda M.Komilov, N.Xoliqnazarov, D.Maqsudov, Shayx Abdulaziz Mansur hamda Boboxonovlar sulolasi vakillari A.Usmonxo‘jayev va J.Shamsiddinxon o‘g‘illari so‘zga chiqib, muftiylar sulolasining yurtimizdagi ma’naviy – ma’rifiy soha, ayniqsa, diniy soha rivojiga qo‘shgan beqiyos xizmatlari haqida, ularning hayoti va qoldirgan ulkan ma’naviy merosi haqida yig‘ilganlarga o‘z fikr-mulohazalarini izhor etishdi.
Tadbir so‘ngida Boboxonovlar sulolasi shaxsiy fondida jamlagan yozma va bosma kitoblar, tarixiy hujjat va fotosuratlar Markaz kutubxonasi va muzeyi fondiga beg‘araz taqdim etildi.

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Matbuot xizmati