18 oktyabr kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish hamda “21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Kelajak – mening tasavvurimda” ijodiy ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Tanlovda Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlari maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilari hamda ustozlar ishtirok etishdi. Ular tomonidan taqdim etilgan mavzuga oid ijod namunalari asosida ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbir avvalida markaz direktori Sh.Minovarov so‘zga chiqib, o‘quvchilarning tanlovga taqdim etgan ijodiy ishlaridan mamnun ekanligini va mazkur tadbirlar ularning kelajakdagi orzu niyatlariga erishishlarida birinchi qadam bo‘lib xizmat qilishini va bu yo‘nalishda markaz kelgusida bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazib borishini ta’kidladi.
Tadbir doirasida Markazning mohir xattotlari va muqovasozlari tomonidan mahorat darslari ham o‘tkazildi.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida e’lon qilingan “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” mavzusidagi insholar ko‘rik tanlovi hamda rasmlar tanlovida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
matbuot xizmati