Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Raisi Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa hazratlari bugun Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.

Oliy martabali mehmonga Markazning tashkil qilinishi tarixi, maqsad va vazifalari to‘g‘risida batafsil axborot berildi. Shayx Salmon hazratlari o‘zbek milliy hunarmandchiligining qadimgi an’analari uslubida, ayni paytda eng zamonaviy texnologiyalar vositasida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazidan chuqur taassurot olganini, bunday joyni ziyorat qilish uning uchun sharaf ekanini ta’kidladi

"Islom dini tarqalganiga bir asr bo‘lmay yurtingizdan arab tilida ijod qiladigan allomalarning yetishib chiqqanlari xalqingizning iqtidoridan va Allohning "o‘qi" - "iqra" buyrug‘idan ilhomlanganidan darak beradi. Usmon Mushafi uchun bunday ajoyib makon (Qur’on zali to‘g‘risida) barpo ettirayotgan Prezidentingiz janobi oliylari Allohning Kalomi va Dinimizga munosib hurmat bildiribdilar. Albatta Markazingizning ochilish marosimida ishtirok etaman, nasib qilsa", dedi oliy nasab mehmon taassurotlarini o‘rtoqlashar ekan.

Shu kunning o‘zida OFK Raisi Usmon Mushafini ham ziyorat qildi. Mehmonga Kamoliddin Behzod chizgan miniatyuralar to‘plami hadya qilindi.