Abu Ali ibn Sino Markaziy Osiyo xalqlari ilm-fanini dunyoga tanitgan buyuk mutafakkirlardan biri bo‘lib, u shuningdek jahonda Avitsenna nomi bilan mashhurdir. Ibn Sino (asl ismi Husayn, otasining ismi Abdulloh) Buxoroning Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan.
Ibn Sino iste'dodli, xotirasi kuchli, zehni o‘tkir bo‘lganidan 10 yoshidayoq Qur'oni Karimni yod oladi. 13 yoshidan boshlang‘ich matematika, mantiq, fiqh, falsafa ilmlari bilan shug‘ullana boshladi. Ibn Sino yosh bo‘lishiga qaramay, falsafa, tibbiyot ilmini har tomonlama o‘rgandi, asta-sekin tabiblik bilan shug‘ullandi. U o‘zidan avvalgi Sharq mutafakkirlarining asarlari bilan birga, qadimgi yunon tabiiy-ilmiy, falsafiy merosini, xususan Arastu, Yevklid, Ptolemey, Galen, Gippokrat, Pifagor, asarlarining arabcha tarjimalarini qunt bilan o‘rgandi.
16-17 yoshidayoq Ibn Sino mashhur tabib - hakim bo‘lib tanildi. 1000 yilda Ibn Sino Buxorodan chiqib ketdi va ilm-madaniyat markazlaridan biri hisoblangan Xorazmga bordi, u yerda Xorazm hokimi Ali ibn Ma'mun tomonidan tashkil qilingan o‘sha zamonning akademiyasiga qabul qilindi. U odam anatomiyasini mukammal o'rgangan, uning jarrohlik asboblari murakkab amaliyotlarni bajarishga imkon bergan.
1023 yilda ibn Sino Isfahonga keldi va butun umrini ilmiy asarlar yozishga bag‘ishladi. Bu erda Ibn Sinoning "Kitob al-qonun fit-tibb", "Kitob un-najot", "Kitob ul-insof" kabi mashhur asarlari yozilgan. Ibn Sino asarlari Yevropada XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilina boshladi. ""Kitob al-qonun fit-tibb" (Tib qonunlari) asarining o‘zi lotin tilida 30 martadan ortiq nashr qilindi. "Al-Urjuza fi-t-tib" asari XVII asrga qadar evropalik shifokorlar uchun asosiy qo'llanma bo'lgan. Ibn Sinoning falsafiy asarlarida asosan neoplatonizm g'oyalari va fanlarni tasniflash muammosi aks to'pgan. Geometriya, astronomiya, o‘simlik, hayvonot olami, mantiqqa oid risolalari, so‘nggi yillarda yozilgan. Ibn Sino Isfahonda rasadxona qurish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Buyuk olim 1037 yilda Isfahon shahrida vafot etdi.
Ibn Sino ilm-fanning ko'plab sohalarida yorqin iz qoldirdi va o'z davri uchun ilg'or ilmiy g'oyalarni ilgari surdi. U falsafa, fizika, matematika, astronomiya, zoologiya, botanika, musiqa nazariyasi, tibbiyot rivojiga ulkan hissa qo'shdi. Ibn Sinoning tibbiyot faniga oid risolalari hozirgacha mashhur, dolzarb va ko'plab tillarga tarjima qilingan.
Jahon olimlari Ibn Sino asarlari, uning faoliyati to‘g‘risida azaldan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi. Hozirda jahondagi deyarli barcha tillarda Ibn Sino haqida asarlar yozilgan.
Abu Ali ibn Sino